Atoiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Atoiyning tug'ilgan yili hali hamon noma'lumligicha qoldi. Atoiy (15-asr, Balx) – turkiy shoir. Yassaviy avlodidan. Samarqand, Buxoro va Balxda yashagan.

Turkiy, fors va arab adabiyotlarini chuqur oʻrgangan. Turkiy va fors tillarida ijod qilgan. Navoiy "Majolis un-nafois" asarida A. hayoti va ijodi haqida toʻxtalib: "Mavlono Atoiy Balxda boʻlur erdi. Ismoil ota farzandlaridindur, darveshvash va xushxulq, munbasit (ochiq chehrali) kishi erdi. Oʻz zamonida she’ri atrok (turkiy tilda soʻzlovchilar) orasida koʻp shuhrat tutti. Bu matla’ aningdurkim:

Ul sanamkim suv yaqosinda paritek oʻlturur, Gʻoyati nozuklukindin suv bila yutsa boʻlur...

Mavlono koʻp turkona (sodda, ravon) aytur erdi...", - deydi. Navoiy "Nasoyim ul-mahabbat min shamoyim ul-futuvvat" ("Muhabbat shabadalari") asarida Ismoil ota Ahmad Yassaviyning inisi Ibrohim otaning oʻgʻli ekanini aytadi. A. devonining muqovasida va qoʻlyozmaning oxirida "Devoni Shayxzoda Atoyi" deb qayd etilishi ham A.ni shayxlar oilasidan kelib chiqqan deyishga asos beradi. Navoiyning xabar berishicha, A. Ulugʻbek saroyi shoirlari orasida ham boʻlgan. A. gʻazalnavis – lirik shoirdir. Uning gʻazallarida muhabbat mavzusi bilan bir qatorda may ham kuylanadi. Mayda hayot zavqi, uning barcha goʻzalliklari va lazzatlari vasf etiladi. May A.da Umar Xayyom ruboiylari va Hofiz gʻazallaridagi kabi hayot timsolidir. A. lirikasida xalq iboralari, ta’birlar, maqol va matallar, ertak mavzulariga oid soʻzlar koʻp. Gʻazallarini, asosan, aruzning ramal bahrida yozgan; vazni yengil, misralari qisqa, soʻzlari oddiy, uslubi sodda va ravon. Shuning uchun ham uning she’rlari xalq qoʻshiqlariga aylanib ketgan. A. tajohuli orifona, laf va nashr kabi tasvir vosita va usullari ham yaratgan. Shoir ijodi bizgacha toʻla yetib kelmagan. Devonining taxminan 16-asrda koʻchirilgan, 260 gʻazalni oʻz ichiga olgan qoʻlyozma nusxasi Sankt-Peterburgda saqlanadi.[1][2]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME
  2. Tanlangan asarlar, T., 1958; 2- nashri, T., I960; Izbrannoʻe gazeli, T., 1960.Ad:. Rustamov E., Oʻzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka, T., 1963; Mal-layev N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 1-kitob, T., 1976.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil